Tumov (rinit) — sovqotish, infeksiya, allergiya natijasida burun shilliq pardasining yalligʻlanishi. Mustaqil kasallik yoki infeksion kasalliklar (mas., gripp, difteriya, qizamiq va boshqalar) belgisi boʻlishi mumkin. T.da burun yoki tomoq shilliq pardasi shishib, achishadi va quruqshaydi; 3—4 kundan keyin burundan koʻp miqdorda suyuq tiniq shilimshiq keladi. Bemorning umumiy ahvoli aytarli oʻzgarmaydi, harorati, odatda, normal yoki bir oz koʻtariladi (37—37,5°), boshi ogʻirlashib, ish qobiliyati pasayadi; burundan nafas olish qiyinlashadi, baʼzan, koʻz shilliq pardasi yalligʻlanganligi tufayli yosh oqadi, hid bilish pasayadi. T. xususan emadigan bolalarda ogʻir kechadi. Ularning burun yoʻllari juda tor boʻlib, burun shilliq qavatining ozgina boʻlsada shishishi burundan nafas olishni qiyinlashtiradi. Natijada jiddiy oʻzgarishlar: tajanglik, uyqu buzilishi, emmay qoʻyish, juda ozib ketish va boshqa kuzatiladi. Baʼzan yalligʻlanish burunhalqum va eshituv nayi shilliq pardasiga, hatto hiqildoq, bronx va oʻpkaga ham oʻtib ketadi. Shuning uchun T.ni zoʻraytirib yubormaslik kerak.
Kasallik alomatlari paydo boʻlishi bilan vrachga murojaat etish lozim. Asal yoki malina murabbosi solingan issiq choy ichish, vrach tavsiya etgan tomir toraytiruvchi tomchilarni burunga tomizish kerak, bu — shilliq parda shishini pasaytiradi, natijada burun oqishi kamayadi, burun ochilib, nafas olish yaxshilanadi. Vrach buyurgan davo choralarini qatʼiy bajarish lozim, aks holda yalligʻlanish jarayoni surunkali shaklga oʻtib ketishi mumkin. T. hamma vaqt ham sovqotish yoki infeksion kasalliklardan kelib chiqavermaydi. Koʻpincha (asosan, asabi tez qoʻzgʻaluvchan kishilarda) allergik yoki vazomotor T. ham uchrab turadi; kasallik xuruj qilganda bemor tinmay aksa uradi, burnidan suyuq shilimshiq, koʻzidan yosh oqadi, burun va qovoklari qichishadi; T.ning bu shakli baʼzan bir kunda bir necha marta xuruj qiladi. Allergik T.ning alohida bir turi — pichan tumovi, asosan, boshoqli oʻsimliklar gullagan davrda uchraydi.
Oʻtkir T. tez-tez kdytalab tursa, surunkali T.ga aylanib ketishi mumkin. Surunkali T. burun boʻshligʻi shilliq pardasining oʻsib, qalin tortishi (gipertrofiya) yoki uning yupqalashib ketishi (atrofiya)ga olib kelishi mumkin, natijada nafas olish qiyinlashadi. Shuning uchun T.ning surunkali shaklga oʻtib ketishiga yoʻl qoʻymaslik zarur. T.ning oldini olishda organizmni chiniqtirish juda muxim.
Allergik rinitning asosiy belgilari – burun bo‘shlig‘ining qichishish va ta’sirlanishi, aksirish va burundan nazla kelishi, ko‘pincha burun bitishi bilan birga, shuningdek, tomoq qitiqlanishi, ko‘zlar va ko‘z shilliq pardasining qichishishi, yosh oqishi va ko‘z sohasining shishishi bilan ham kuzatilishi mumkin.
Ayrim hollarda allergik rinit bir oz noqulayliklar tug‘dirishi mumkin. Og‘ir hollarda esa u mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib keladi. U bosh og‘rig‘i, holsizlik (tez charchash) va diqqatni jamlashning buzilishi bilan asoratlanishi mumkin. Mavsumiy allergik rinitning sababi – o‘simlik changchisidir. Kishilarda allergik rinit rivojlanishi uchun changchi shamolda changlanadigan o‘simlikka tegishli bo‘lishi va u ko‘p miqdorda hosil bo‘lishi, yengil, uchuvchan va o‘lchami 35 mmk dan katta bo‘lmasligi hamda allergenlik xususiyatiga ega bo‘lishi kerak. Allergik rinitning paydo bo‘lish sabablari va tezligi shu joyning geografik hamda iqlim sharoitiga bog‘liq.
Qozog‘istonda allergik rinitni ko‘proq shuvoq (ermon) changchisi keltirib chiqaradi. Bizning iqlim sharoitimizda esa ko‘proq ermon, burgon, sho‘ra, o‘tlar changlari allergik rinitning asosiy sababchisi bo‘lib hisoblanadi. Krasnodar o‘lkasida ambroziya, Turkmanistonda sho‘ra, Kiyevda boshoqli o‘tlar, timofeyevkalar sabab bo‘lishi mumkin. Allergik rinitning tarqalishini o‘rganishda aeropollinologik tekshirish o‘tkazish muhim ahamiyatga ega.
Yilning turli davrlarida har qaysi hudud uchun changning sifati va miqdoriy tarkibini mutaxassis botaniklar aniqlab beradilar. Qator mamlakatlarda har kuni havodagi changning miqdori va tarkibiko‘rsatilgan qisqacha rasmiy ma’lumotlar varaqasi chiqariladi. Shifokor-allergologlar allergen o‘simliklarning gullash oylik kalendariga ega bo‘lishlari kerak. Shu maqsadda turli geografik iqlim doiralarida turli xil o‘simliklarning gullash muddatlarini ko‘rsatadigan chang to‘lqinlari aniqlanadi. Bu shifokorlarga o‘z vaqtida kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini o‘tkazishga, bemorlarni esa bu davrda mamlakatning boshqa hududlarigi ko‘chib o‘tishiga imkon beradi. O‘rab turuvchi havo tarkibidagi zamburug‘lar sporalarining miqdori yil fasllariga bog‘liq. Ular ko‘pincha qish oylarida kamayib, yoz va kuz oylarida ko‘payadi.
Zamburug‘larda allergiyaning bo‘lishi ko‘pincha bronxial astmaning rivojlanishiga olib keladi. Zamburug‘lar sporalarining soni bilan begona o‘tlarga allergiyasi bo‘lgan bemorlardagi klinik belgilarning ko‘rinishi orasida bog‘liqlik borligi aniqlangan. Bu dalilni qisman zamburug‘ sporalarining o‘lchamlari kichikligi bilan tushuntirish mumkin. Garchi uy changidagi kanalar yil davomidagi allergen deb hisoblansada, ularning soni nam havoli kuz oylarida ko‘payishi mumkin. Har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari sezuvchanlikning oshishiga va allergik kasalliklarning mavsumiy avj olishiga sharoit yaratishi mumkin.
Sudanning shimoliy qismlarida astma va rinitning avj olishi quruq qish oylarida kuzatiladi. Bunga turib qolgan anhor suvida ko‘paygan mayda chivinlar sabab bo‘ladi. Ko‘rsatib o‘tilgan omillarni bilish, mavsumiy allergik rinitning tashxisida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘simlik changiga nisbatan kesishuvchi allergik reaksiyalar. O‘simliklarning turli oila va avlod vakillari tekshirib ko‘rilganda chang o‘z tarkibida umumiy va umumiy bo‘lgan allergenlarni saqlashi ma’lum bo‘ladi. Shunga bog‘liq holda bemorlarda IgE antitelo bilan kimyoviy tuzilishi jihatidan yaqin bo‘lgan allergenning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keluvchi o‘zaro kesishuvchi allergik reaksiyalar holati kuzatilishi mumkin. Kesishuvchi reaksiyalarni chang va oziq-ovqat allergenlari keltirib chiqarishi mumkin. Qayin changchisiga allergiya holati ko‘pincha oziq-ovqat allergiyasi bilan bog‘lanib keladi. Yangi mevalar (olma, shaftoli, gilos) yoki sabzi, yong‘oq iste’mol qilinganda Kvinke shishi va badan qichishishi kuzatiladi. Kesishuv reaksiyalarini o‘tloq o‘tlari bilan qovun va banan ham berishi mumkin.
Yil davomida kuzatiladigan allergik rinit. Uy-ro‘zg‘or allergenlari bilan kishi, odatda, yil bo‘yi yaqinlikda bo‘ladi. Ularga uy changi kanalari va uy hayvonlari qazg‘og‘i kiradi. Ba’zi hududlarda suvaraklar va zamburug‘larning ayrim turlari bevosita ahamiyatga ega.
Rinitning boshqa turlari. Noallergik, noinfeksion rinit – bu boshqa guruh kasalliklardir. Bu turdagi rinit bilan kasallangan bemorda turli qitiqlovchi triggerlarga – o‘tkir hidlarga (odekolon, oqartiruvchi moddalar, erituvchilarga), tamaki tutuniga, changlarga, avtomobil gazlariga, atrof-muhit harorati va namligi o‘garishlariga sezuvchanlik ortadi, shuning uchun ko‘proq “vazomotor” emas “idiopatik” rinit terminini ishlatish o‘rinlidir. Kasallikning rivojlanish mexanizmi noma’lum. Noallergik rinit eozinofillar ko‘payishi belgisi bilan o‘rta yoshdagi kishilar orasida uchraydi. Rinit belgilari (aksirish, burun bo‘shlig‘ida qichishish, burun oqishi) ba’zan hid bilishning pasayishi bilan va burun shilliq qavatida eozinofillarning ko‘payib ketishi bilan birgalikda keladi. Allergiya belgilari (musbat teri sinamalari, IgE ning qonda oshib ketishi) bo‘ladi. Ba’zi hollarda aspirinni ko‘tara olmaslikning boshlang‘ich davrini aniqlash mumkin. Bu bemorlarni glyukokortikoid gormonlar bilan mahalliy davolash ko‘p hollarda yaxshi natijalarni beradi. Burun polipozi 25 foiz bolalarda va 45 foiz katta yoshdagilarda shilliq ajralishi bilan, 30 foiz bemorlarda bronxial astma bilan kechadi. Bu xastaliklarda infeksiya, yallig‘lanishlar va araxidon yoki boshqa moddalar almashinuvi jarayonining buzilishi sababchi omillar deb hisoblanadi. Allergiya polipozga sabab bo‘lsa kerak, ammo to‘yingan hujayralar va eozinofillar faollashuvining yallig‘lanish bilan davom etishi muayyan ahamiyat kasb etadi va bu yerda glyukokortikoidlarning samaraliligini tushuntirishga imkon beradi.
Kasbga oid rinit. Ish joyida allergen bilan yaqin kontaktda bo‘lish oqibatida rivojlanadi. Uning sabablari tajriba hayvonlari (kalamushlar, sichqonlar, dengiz cho‘chqalari va boshqalar), don mahsulotlari (novvoylar, qishloq xo‘jalik xodimlari) va yog‘och changlari, ayniqsa qattiq daraxt navlari (qizil daraxt, kedr va boshqalar), lateks va kimyo-viy moddalar, shu jumladan kislota angidridlari, platina tuzlari, yelim va erituvchilar bo‘lishi mumkin.
Gormonga bog‘liq rinit. Homiladorlik paytida va jinsiy yetilish davrida hamda gipotireozda va akromegaliyada rivojlanishi mumkin. Ayollarda menopauza davrida gormon balansining buzilishi burunda atrofik o‘zgarishlar paydo bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin. Dori moddalardan paydo bo‘ladigan rinit turli dori moddalar, jumladan rezerpin, guanitidin, fentolamin, metil-dopa, angiotenzinga aylanuvchi fermentlar, alfa-adenoblokatorlardan (prozazin tipidagi), betta-adrenoblokatorlardan ko‘zga tomiziladigan tomchilar ko‘rinishidagi, xlorpromazindan, aspirindan va boshqa steroid bo‘lmagan yallig‘lanishga qarshi moddalardan va homiladorlikdan saqlanish uchun ichiladigan dorilardan bo‘lishi mumkin.
TASHXISLASH USULLARI
Quyida rinitni tashhislashda foydalanish mumkin bo‘lgan barcha tekshirish usullari sanab o‘tilgan, amaliyotda ularning bir qismi qo‘llanilishi mumkin. Birinchi navbatda bemorda anamnez yig‘ilib, lor organlar ko‘rigidan so‘ng quyidagi tashxislash usullari qo‘llaniladi:
Allergologik sinamalar:
- teri sinamalari;
- zardobdagi umumiy IgE ni aniqlash;
- zardobdagi maxsus IgE ni aniqlash;
- dag‘al va egiluvchan endoskop yordamida ko‘rish.
Burun-halqum bo‘shlig‘idan surtmalar va yuvilgan suvlarni tayyorlash:
- sitologik tekshirishlar uchun;
- bakteriologik tekshirishlar uchun.
Rentgenologik usullar:
- burun yon bo‘shliqlarini rentgen nurlari yordamida tasvirga tushirish;
- kompyuterli tomografiya (tekshiruvchi a’zo qavatlariga rentgen nuri bog‘lamlarini yuborib, skanirlash yo‘li bilan tekshirish va uni EHM orqali sog‘-lom to‘qimadan farqini aniqlash);
- magnitli-rezonans tomografiya.
Qonni tekshirish:
- qondagi shaklli elementlar sonini sanash;
- qalqonsimon bez funksiyasini tekshirish;
- antineytrofil sitoplazmatik antitelo;
- immunoglobulinlar va IgG quyi sinflarini aniqlash.
Anamnez va ko‘rik. Sinchiklab yig‘ilgan anamnez allergik rinitni gumon qilishga imkon beradi. So‘rab chiqish paytida bemorning yashash sharoiti, shu jumladan, bajaradigan ishining alohida xususiyatlari va nasl-nasabi haqida ma’lumotlar olish kerak. Allergik rinit har qanday yoshdagi kishilarda, jumladan, chaqaloqlarda ham uchrashi mumkin. Shuning uchun shifokor belgilar paydo bo‘lish vaqtini aniqlashi zarur. Ko‘p hollarda allergik rinit 20 yoshgacha rivojlanadi, yoshlik paytida uning uchrash tezligi 15 foizni tashkil qiladi. Belgilar paydo bo‘lish tezligini (har kuni, epizodik, yilning aniq bir vaqtida yoki doimiy) hamda ularning cho‘zilishini, qanday ko‘rinishda ifodalanishini va kasallik kechishi jarayonining harakatdagi holatini baholash zarur. Rinit bilan kasallangan bemorlarni ikki guruhga – burundan nazla kelishi va aksirish ustunroq bo‘lgan bemorlarga va burun bitishi ustunroq turadigan bemorlarga bo‘lish mumkin. Allergik rinit bilan kasallangan bemorlar ko‘proq birinchi guruhga kiradi.
Birinchi guruh uchun xarakterli xususiyatlar:
- aksirish (odatda xuruj bilan);
- burun-halqum bo‘shlig‘iga oqishdan ko‘ra, burundan oqish ko‘proq xarakterli;
- burun bo‘shlig‘ida qichishish;
- burun bitishi (har xil ko‘rinishda);
- kecha-kunduzlik maqomi (belgilari kechasi kamayib, kunduz paytlari kuchayadi);
- ko‘pincha kon’yunktivit bilan birgalikda yondosh keladi.
Ikkinchi guruh uchun xarakterli xususiyatlar:
- aksirish onda-sonda yoki umuman yo‘q;
- quyuq shilliq modda burun bo‘shlig‘idan ko‘proq burun-halqumga oqadi;
- qichishish yo‘q;
- burun bitishi (ko‘pincha ancha yaqqolroq ko‘rinishda);
- kechasi va kunduzgi paytlarda belgilarning doimiyligi (kechasi og‘irlashish kuzatilishi mumkin).
Burunning bir tomonlama bitishi polip borligiga, tuzilish anomaliyalari o‘sma borligiga shubha qilishga majbur qiladi. Hid sezishning pasayishi va yo‘q bo‘lishi polipoz rinosinusitda yoki rinitning og‘ir kechadigan hollarida uchraydi. Burun bitishi bilan bog‘liq belgilar, og‘iz va tomoq qurishi, ovoz ming‘illab qolishi bilan birga kechadigan allergiyada bemor burun uchini kafti bilan tez-tez artib turadi, buning oqibatida burun uchining sal yuqori qismida ko‘ndalang burmalar hosil bo‘ladi.
Aksirish ko‘proq xuruj ko‘rinishida paydo bo‘ladi. So‘rov paytida kasallik belgilarining paydo bo‘lishiga yoki kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan irritantlarni va ob-havo sharoitlarini aniqlash zarur. Agar allergen sut emizuvchilarning qazg‘og‘i, uy changi kanalari va mog‘or zamburug‘lari ko‘rinishida bo‘lsa, kasallik belgilari, odatda har doim saqlanib qoladi. Namlikning ortishi kanalar va mog‘or zamburug‘larining ko‘payishiga imkon beradi. Kanalarning yashab, oziqlanadigan joylari ko‘proq to‘shaklar, yostiqlar, pardalar va gilamlar bo‘ladi. Mog‘or zamburug‘lari uy o‘simliklarida va kitoblarda o‘sadi. Havodagi chang qismlari soni bilan klinik belgilarning ko‘rinishi orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor. O‘simliklar gullash mavsumining kirib kela boshlashi bilan organizm-ning allergen changiga sezuvchanligi kuchayib borishi natijasida kasallik belgilarining ko‘rinishi ko‘payib boradi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ham rinit belgilarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu provokatsion sinamalar yordamida tasdiqlangan. Yuqori ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar va ruhiyatga ta’sir qiluvchi omillar ham rinitni kuchayishiga olib keladi. Allergiyaga moyilligi bor bemorlarda yuqori nafas yo‘llari infeksiyasining klinik manzarasi allergik reaksiyaga o‘xshash bo‘lishi yoki turli allergenlarga sezuvchanlikning ortishiga olib kelishi mumkin. Meros qilib olish poligen tipida, ya’ni genlar orqali yuzaga kelishiga qaramay, anamnezdagi irsiy anomaliya allergik kasallikning rivojlanish ehtimolini ko‘p-roq qilib qo‘yadi. Bemorning qarindosh-urug‘ida allergik kasalliklarning yo‘qligi zinhor allergik rinit tashhisini yo‘qqa chiqarishga imkon bermaydi. Burun bo‘shlig‘ini surunkali rinit yoki tipik bo‘lmagan bir tomonlama rinitlarning hamma holatlarida endoskopiya qilish zarur. Buning uchun burun ko‘zgularidan, peshona reflektoridan, otoskop (quloq oynasi), burun adapteri bilan Xopkinsning dag‘al endoskopidan yoki egiluvchan nazofaringoskopdan foydalanish lozim.
Teridagi sinamalar. O‘ta sezuvchanlikning tez sodir bo‘ladigan teri reaksiyalaridan allergiyaning IgE ga bog‘liq turini aniqlashda foydalaniladi. Bu sinamalar allergologiyada asosiy tashhis usullaridan biri hisoblanadi.
Usullar. Allergiyaning tez sodir bo‘ladigan turini aniqlash uchun skarifikatsiya sinamalaridan foydalanish afzalroq. Garchi, teri ichiga qilinadigan sinamalar sezgirroq bo‘lsada, ular yolg‘on musbat natijalar berishi va ba’zan umumiy reaksiyalar keltirib chiqarishi mumkin. Shu munosabat bilan ulardan faqat skarifikatsiya sinamalari manfiy bo‘lgan holatlarda foydalanish mumkin. Hozirgi paytda bunday sinamalar soni juda ko‘p. Ularni tekshiruvchining tajribasiga ko‘ra va sinamalarning qaysi biri afzalroq, deb bilishiga qarab tanlanadi.
© Ozod NAZAROV, allergolog, professor.
© "O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.
Davomi: Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 2-qism )
- Adenoidlar xavflimi
- Burun to‘sig‘i qiyshiqligi
- Allergiya
- Bronxial astma qiynaganda
- Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 2-qism )
Teri sinamalari. Oddiy, og‘riqsiz va arzon tekshirish usuli hisoblanadi. Agar ular o‘z ishini yaxshi biladigan xodim tomonidan yuqori sifatli allergenlar eritmalaridan foydalanilgan holda qilinsa, sinamalar natijasi mutanosib ravishda bo‘ladi. Teridagi sinamalarni ko‘p miqdorda o‘tkazish mablag‘ va vaqt talab qiladi. Bu, ayniqsa, poliklinika amaliyotida zarur emas. O‘tkaziladigan tekshirishlar havodagi eng ko‘p tarqalgan allergenlarga sezuvchanlikni tekshirish bilan chegaralanishi kerak (junga, uy changi kanasiga, mog‘orga, uy hayvonlariga va bosh-qalar).
E immunoglobulini. Umumiy zardobdagi IgE miqdori har xil radioimmun va immunoferment usullar yordamida aniqlanadi. Meyorda IgE tug‘ilgan vaqtda 0-1 kЕd/l ni tashkil etadi va o‘smirlik yoshiga yetguncha asta-sekin ko‘payadi, keyin pasayadi hamda 20-30 yoshlarda aniq bir miqdorda qaror topadi. Umumiy IgE miqdorining 100-150 kЕd/l dan ko‘p bo‘lishi ko‘tarilgan hisoblanadi. Maxsus IgE ni aniqlash, ayniqsa teridagi sinamalar uchun allergenlar ekstraktlarini olishning iloji bo‘lmagan hollarda qo‘l keladi. Bu maqsadda dastlab radioallergosorbent test (PAST) hamda radioimmun va immunoferment usullar qo‘llaniladi.
Sitologik tekshirishlar uchun burun bo‘shlig‘idan surtmalar olish. Burun bo‘shlig‘idan olingan surtmalar va yuvilgan suvlarni tekshirish allergik hamda infeksion rinit orasida differensial tashhis o‘tkazishga imkon beradi. Allergik rinit va eozinofillar ko‘payishi bilan kuzatiladigan noallergik rinit uchun eozinofillar infiltratsiyasi xarakterli, bakterial infeksiyada esa neytrofillar sonining ko‘payishi xos xususiyat hisoblanadi.
Periferik qon hujayralaridan mediatorlarning ajralib chiqishi. Maxsus allergenlar ta’siri ostida qondagi bazofillarning buzilishi yallig‘lanish mediatorlari ajralib chiqishi bilan (gistamin, leykotriyenlar) yuz beradi. Mikroskop yordamida bu mediatorlarning bazofillardan ajralib chiqishini baholash mumkin, ammo bu usuldan faqat ilmiy maqsadlarda foydalaniladi.
Allergik reaksiyalar vaqtida mediatorlarning ajralib chiqishi. Qon, burun oqmalari yoki siydikdagi mediatorlar va fermentlar miqdorini o‘ta maxsus hamda sezgir usullar – gistamin, prostaglandin, leykotriyenlar C4, I4, E4, triptazalar, kininlar, eozinofil kation oqsillarini titrlash yo‘li bilan tekshirish mumkin. Bu moddalarning dastlabki asos qilib olingan miqdorlari hamda allergen ta’sir qilgandan keyingi miqdorlari aniqlanishi mumkin. Hozirgi vaqtda bu usul faqat tadqiqot maqsadlarida qo‘llaniladi.
Prvokatsion usullar. Burun ichiga qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatuvchi usul muayyan ahamiyatga ega bo‘lib, faqat klinik allergologiyadan maxsus ixtisos olgan mutaxassis tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Otorinolaringologik tekshirishlar endoskopiya, shilliq ajratib chiqarish ishini, hid sezishni tekshirish, burun yo‘llarining o‘tkazuvchanligini baholash tashhis qo‘yish imkoniyatlarini ancha kengaytiradi.
Burun oldi bo‘shliqlarini rentgen nurlari yordamida tasvirga tushirish. Burun oldi bo‘shliqlarining g‘ovaklanish bo‘shliqlari bo‘lishini ancha pasayganini, shilliq qavatning qalinlashganini va hatto yuqori jag‘, peshona va ponasimon bo‘shliqlar devoridagi buzilishlarni aniqlash mumkin. Oddiy rentgenografiyada burun bo‘shlig‘ining yon devorlari va g‘alvirsimon chig‘anoq tuzilishining yaxshi ko‘rinmasligi yolg‘on manfiy va musbat natijalarga olib kelishi mumkin.
Kompyuterli tomografiya (KT). KT hozirgi vaqtda turli burun va burun oldi bo‘shliqlari kasalliklarini tashhislashda asosiy rentgenologik usul bo‘lib qoldi. Garchi boshqa kasalliklarning yo‘qligini aniqlashga imkon bersa ham, allergiya tashhisida esa u hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. KT yordamida yumshoq to‘qima va suyak tuzilishi holatlarini birma-bir sinchiklab o‘rganish mumkin. Patologik jarayonning qanchalik tarqalganligini aniqlash hamda aniq belgilari bo‘lgan taqdirdagina tashhis qo‘yish mumkin. Suyak tuzilishi yoki yumshoq to‘qima holati haqida ko‘proq ma’lumotlar olishga imkon beruvchi turli tekshirish usullari mavjud.
Allergik rinitni davolash usullari
Allergenlarni yo‘q qilish va atrof-muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar. Rivojlangan mamlakatlarda kishilar ko‘p vaqtlarini xonalarda, ish joylarida o‘tkazadilar. Atrofni o‘rab turgan muhit esa doim turli allergenlarni o‘z ichida saqlaydi, ular o‘z navbatida rinit rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. So‘nggi o‘ttiz yil ichida ko‘pchilik mamlakatlarda tashqi muhitdagi, binolardagi allergen va noallergen komponentlar tarkibi ancha o‘zgardi, allergik kasalliklar bilan kasallanish xavfi ortdi. O‘rta iqlimli mamlakatlarda elektr kuchini tejashga intilish, havoni yangilash uchun xonani shamollatish noqulay bo‘lgan uylarning qurilishi natijasida xonalarda uy kanalari soni ko‘pa-yib ketadi. Har qanday holatda (garchi allergenlarni butunlay yo‘q qilishning imkoni bo‘lmagan taqdirda ham) iloji boricha xonalarda o‘rab turuvchi muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Ushbu chora-tadbirlar bemor ahvolini ancha yaxshilash va dori moddalar qo‘llash zaruriyatini kamaytirishi mumkin. Shuni inobatga olish lozimki, allergen manbai yo‘qotilgach (masalan, uy hayvonlari), bir necha hafta yoki oy o‘tgandan keyingina buning samarasini ko‘rish mumkin. Uy changidagi kanalarni yo‘q qilish uchun xona havosining namligini kamaytirish, akaritsidlar hamda himoya qoplamidan foydalanish mumkin. O‘simlik changi va xonada uchramaydigan boshqa allergenlar ta’sirini kamaytirish ancha qi-yinchilik tug‘diradi.
O‘simlik changi allergenlari bilan kontaktni yo‘q qilish choralari
- O‘simlikning gullash mavsumi haqidagi ma’lumotni oldindan bilish;
- havosida katta miqdorda allergen bo‘lgan hududlardan uzoqlashish;
- deraza va eshiklarni zich yopish
- avtomobillarda himoya filtridan foydalanish
- tashqarida ko‘zoynak taqib yurish kerak.
Uy kanalari miqdorini kamaytirish chora-tadbirlari
Yotoqxona:
- to‘shak, ko‘rpa va yostiqlarning ustini qoplash uchun allergen kira olmaydigan matolardan foydalanish kerak;
- to‘shak, yostiq, bosh taraf oralig‘i atroflari va yotoqxona pollarini har hafta changyutgich yordamida (sinchiklab) tozalash;
- par yostiq va jun ko‘rpalar (yopinchiqlar)ni sintetik matolardan tayyorlanganlariga almashtirish, ularni har hafta +60oS haroratli suv bilan yuvib turish, iloji boricha gilamlarni olib tashlash;
- har hafta namlangan latta bilan xona jihozlarining yuza qismlarini artib chiqish, shu jumladan deraza ostlari va shkaflarning yuqori qismlarini ham;
- paxta tolasidan tayyorlangan pardalar osish va ularni tez-tez yuvib turish;
- bir martalik (foydalaniladigan) qog‘oz xaltali va filtrli yoki suv manbai bilan bo‘lgan changyutgichlardan foydalanish. Ish vaqtida niqob tutish;
- tozalash ishlarini boshqa kishi qilgani ma’qulroq;
- kanalarni yo‘qotish uchun kimyo-viy moddalar (akaritsidlar)ni qo‘llash;
- mato qoplangan yumshoq mebellarni tozalashga alohida e’tibor kerak. Mebelni kamida 1 haftada 2 marta changyutgich bilan tozalash kerak, shu jumladan stullarning ulanish joyi, suyanadigan va bosh tegib turadigan qismlarini ham.
Bolalar. Tozalash paytida bemor bolalar xonadan tashqarida bo‘lishlari va u yerga 2 soatdan keyingina kirishlari mumkin. Bolalar yumshoq o‘yinchoqlari bilan karavotda uxlashlari mumkin emas. Kanalar miqdorini kamaytirish uchun o‘yinchoqlarni ham changyutgich yordamida tozalash, kimyoviy tozalashga berish yoki kechasiga muzxonaga qo‘yish kerak.
Uy hayvonlari. Iloji boricha uy hayvonlarini saqlamaslik, yangilarini olib kelmaslik, ularni yotoqxonaga kiritmaslik zarur. Oilada allergik kasallikning paydo bo‘lishi bilan hayvonlarni ko‘paytirish tavsiya etilmaydi, chunki bulardan sezuvchanlikning ortib ketishi va rivojlanishi mumkin. Uy hayvonlarini har doim yuvintirib turish lozim.
Maqolaning ilk qismi: Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )
© Ozod NAZAROV, allergologprofessor.
"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.
Hayotimiz mazmuni bo‘lmish farzandimizning sog‘-salomat holda ulg‘ayib kamolga yetishi shubhasiz har bir ota-ona uchun ulkan baxt erur. Zero, har bir go‘dakning dunyoga kelishi barobarida chekilgan zahmatlar uning beg‘ubor kulgusida unut bo‘lishini barchamiz yaxshi bilamiz. Ammo bexosdan kichkintoyimiz biron kasallik bilan xastalanib qolsa bormi bu yorug‘ jahon ko‘zimizga tor ko‘rinib, yuragimizga og‘riq kiradi.
Ekologik muammolar sabab oxirgi paytlarda kasalliklar ham yangi-yangi ko‘rinishda paydo bo‘lib xuddi zamon bilan birga odimlab borayotgandek. Ilgari antibiotiklar bilan davolasa bo‘ladigan xastaliklar endilikda qo‘shimcha muolajalarni talab qilmoqda. Sir emaski, immunitet pastligi sababli ko‘p uchraydigan O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar, gripp kabi kasalliklar ham o‘z vaqtida davolanmasa bemor organizmida og‘ir asoratlar qoldiradi.
Shukrki mustaqillik tufayli ona va bola salomatligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, tibbiyotda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Respublikamizning eng chekka tumanlaridagi tibbiyot muassasalarigacha so‘nggi rusumdagi, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. Zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan tibbiyot maskanlarida yaratilgan shart-sharoitlardan aholi mamnun bo‘lmoqda.
Ana shunday tibbiyot maskanlaridan biri Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasida bo‘lib bolalar qabul bo‘limi va maslahat poliklinikasi mudiri Nodira Hoshimova bilan bolalarda uchraydigan laringit xastaligi xususida "Sog‘lom avlod" gazetasi muxbiri Jamila Haydarova suhbatlashdi. Quyida ushbu suhbatni o‘qishingiz mumkin.
– Nodira opa, so‘nggi paytlarda laringit kasalligi yosh bolalarda ko‘proq kuzatilmoqda. Bunga sabab nima va u qanday xastalik hisoblanadi?
– Laringit o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, hiqildoq shilliq pardasining o‘tkir yoki surunkali yallig‘lanishidir. Ushbu xastalikning bolalarda ko‘p uchrashining asosiy sababi 6-7 yoshgacha bo‘lgan bolada hiqildoq teshigi tor bo‘lib, shilliq qavatlar qon tomirlari va limfa tugunlari bilan yaxshi ta’minlangani bois kasallik yosh bolalarda ko‘p uchraydi.
Hiqildoq yallig‘lanishida uch xil belgi kuzatiladi: Ya’ni og‘ir yo‘tal, bo‘g‘ilib nafas olish va ovoz bo‘g‘ilishi. Laringit kasalligi turli virus, bakteriya, streptotokk, doimiy ovoz zo‘riqishi, o‘tkir gazli moddalardan nafas olish, tomoq yaxshi namlanmay qurib qolishi, ovoz bog‘lamlarining deformatsiyasi (nuqsoni) va ularning jarrohlik operatsiyasidan shikastlanishi natijasida ham sodir bo‘ladi. Shuningdek, ushbu xastalik o‘ta issiq yoki sovuq ovqat hamda ichimlik ichish, sitrus mevalar (limon, apelsin, mandarin, kivi, greypfrut), shirinliklar (asal, konfet, shokolad, tort, shirin pishiriqlar), yel (gaz) qo‘zg‘ovchi dukkaklilar (mosh, no‘xat, loviya, soya), tuxum, yong‘oq, pista, bodom, yeryong‘oqlarni , qizil rangli mahsulotlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi. Bu kasallikning kelib chiqishiga epidemiologik vaziyat, kuz-qish fasllari, bolalarning yoshi va yashash sharoiti ham sabab bo‘lishi mumkin.
– Xastalikning ilk belgilari qanday kechadi?
– Mazkur xastalikning dastlabki bosqichida bola xirildoq ovozda yo‘taladi. U shovqinli nafas oladi, bezovtalanadi. Bunday hollarda o‘tkir respirator virusli infeksiya bosqichma-bosqich yuzaga keladi. Bola darhol yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilishi kerak. Bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda ovozi bo‘g‘ilishidan tashqari, tana harorati ko‘tarilishi, burun oqishi, ko‘z yoshlanishi (konyuktivit) belgilari kuzatilishi mumkin. Og‘ir holatlarda bemor talvasaga tushadi.
Agar bolada raxit, kamqonlik, diatez (chilla yara) kasalliklari,O‘RVI va gripp sababli yuqori va quyi nafas a’zolarida yallig‘lanish belgilari kuzatilsa, uni o‘z vaqtida davolash, parhezga qattiq rioya qilish kerak. Gripp epidemiyasi vaqtida bolani u sog‘lom paytida albatta ushbu kasallikka qarshi emlatish lozim. Ovoz bog‘lamini ham zo‘riqtirmaslik lozim.
– Laringitni uy sharoitida davolasa bo‘ladimi? Nima sababdan ushbu kasallik bilan og‘rigan bemor tomog‘ini (Lyugol eritmasi yoki boshqa dori vositasi bilan) artish mumkin emas?
– Bu kasallikni uy sharoitida davolash tavsiya qilinmaydi. Darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Shifokor kelgunga qadar bolaning oyog‘iga issiq yoki bug‘li vanna qilinadi. Shifoxona sharoitida ishqorli ingalyatsiya o‘tkaziladi. Qolgan muolajalar bolaning ahvoliga qarab tavsiya etiladi. Vaqtida shifokorga murojaat qilsangiz, bola 4-5 kunda batamom sog‘ayib ketadi. Aks holda har xil asoratlarga, ya’ni quloq shilliq pardasining yallig‘lanishi (otit), burun shilliq pardasining yallig‘lanishi (rinit), bronxlarning yallig‘lanishi (bronxit), pnevmoniya (zotiljam) kasalliklariga olib kelishi mumkin. Laringit bilan og‘rigan bemor bolaning tomog‘ini artish mumkin emas. Chunki, bu sohani artish paytida tovush paylari yanada torayib, shishib, uning tirqishi bekilib qolishi mumkin. Bundan tashqari bolalarning nafas yo‘llari tor bo‘lib, shilliq qavat shikastlanishi tufayli bu soha yanada shishib ketadi.
– Qanday davo choralari ko‘riladi?
– Bemorlarga birinchi navbatda parhez qilish, ko‘proq iliq holdagi suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Davolash jarayonida ingalyatsiya, balg‘am ko‘chirish va virusli infeksiyaga qarshi vositalardan foydalaniladi. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘tkir respirator infeksiyalardan saqlash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ularning immunitetini oshirish chora-tadbirlarini shifokor tavsiyasiga qat’iy amal qilgan holda bajarish zarur.
Laringit kasalligi profilaktikasida bolalarni chiniqtirish hamda nafas yo‘llari gimnastikasi katta ahamiyatga ega. Ertalabki badantarbiya ham kichkintoyning sog‘lig‘ini tiklashda muhim ahamiyatga ega.
Ha, «Qayering og‘risa, jon shu yerda»,– deydi dono xalqimiz. Umrimiz mazmuni bo‘lgan bolajonlar aslo xastalanmasin. Ularning sog‘lig‘i nafaqat bizning balki butun jamiyatning bebaho boyligi hisoblanadi.
Burundagi yallig’lanish alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Otrivindir.
Otrivin bu – burun bo'shlig'iga purkaydigan tomirlar toraytiruvchi dori vositasi (sprey va tomchi shaklida mavjud)
1 ml Eritma tarkibida: faol modda: ksilometazolin gidroxloridi 1 mg. Yordamchi moddalar: natriy fosfat monobazik dihidrat, natriy fosfat ikki asosli o'n ikki suvli, natriy xlorid, dinatriy edetat, benzalkonium xlorid, metilgidroksipropil tsellyuloza 4000 mPa.S, sorbitol 70%.tozalangan suv
Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi -https://apteka.uz/uz/product/otrivin
Nafas yo'li yallig’lanishida keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Ksilometazolin,Rinostop,Galazolin,Nosilin,Rinokta,Ksilofakt va hk.
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.